Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Xotin-qizlar uchun tavsiyanomalar o‘qishga kirishini kafolatlaydimi?

26-may 00:41
Xotin-qizlar uchun tavsiyanomalar o‘qishga kirishini kafolatlaydimi?

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan xotin-qizlarga o‘qishga kirish uchun 2 ta turdagi tavsiyanoma beriladi. Bu tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyent belgilangan kvotadan tashqari talabalikka qabul qilinadi.

5 yillik stajlilar uchun 500 ta kvota

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi 5 yillik stajga ega, oliy ma’lumotli bo‘lmagan xotin-qizlarga tavsiyanomalar berishni boshladi. Tavsiyanoma uchun ariza topshirishning oxirgi muddati — 1 iyun. Arizalar qo‘mitaning tuman, shahar bo‘limlarida tashkil qilingan ishchi guruhlariga topshiriladi.

Tavsiyanoma olishga talabgor quyidagi talablarga mos bo‘lishi kerak:

  • o‘rta maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lishi;
  • tavsiyanoma olgunga qadar oliy ta’lim olmaganligi yoki olmayotganligi;
  • o‘rta maxsus yoki professional ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi kerak.

Kerakli hujjatlar:

  • Fuqarolik pasporti yoki ID karta nusxasi;
  • Mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi)dan ko‘chirma;
  • O‘rta-maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha diplom.

Arizalar ko‘rib chiqilib, 15 iyungacha egalariga topshiriladi. Tavsiyanomaning amal qilish muddati — 3 yil. O‘tgan yili tavsiyanoma olgan, lekin talaba bo‘la olmaganlar bu yil ham o‘sha tavsiyanomasidan foydalanishlari mumkin.

Tavsiyanomaning o‘zi o‘qishga kirishni kafolatlamaydi. Uni olgan xotin-qizlar ham hamma abituriyentlar kabi imtihon topshiradi, faqat ularning balli alohida kvota doirasida hisoblanadi. Eng yuqori ball to‘plagan 500 abituriyent esa talabalikka to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

2 mingta grant

Xotin-qizlar uchun o‘qishga kirishdagi asosiy imkoniyatlardan biri — ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga ajratiluvchi umumiy kvotaning 4 foizi miqdoridagi (2 mingta o‘rin) grant hisoblanadi. Unga talabgorlar ham tavsiyanomani Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasidan oladi. O‘tgan 2022 yilgi qabulda tavsiyanomalar uchun arizalar 30 maydan 8 iyungacha olingan. Bu yil tavsiyanomalar berish hali boshlanmadi.

Tavsiyanomani kimlar olishi mumkin?

Quyidagi talablarga mos bo‘lgan nomzodlar 2 mingtalik kvota uchun tavsiyanoma olishlari mumkin:

  • Kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar (oilaning har bir a’zosiga jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 0,527 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadga ega bo‘lgan oila);
  • To‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
  • Turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
  • Nogiron farzandi bo‘lgan, ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
  • 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlardan alohida (ijarada) yashayotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
  • Ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.

Bu tavsiyanomaning ham amal qilish muddati 3 yil. Masalan, o‘tgan yili tavsiyanoma olgan, lekin o‘qishga kirolmagan abituriyent bu yil ham undan foydalanishi va kvotadan tashqari o‘tkaziladigan tanlovda ishtirok etishi mumkin.

Tavsiyanomasi bor xotin-qizlar ham 5 ta yo‘nalishga hujjat topshira oladi. Ularning ballari avvalo umumiy abituriyentlardan tashqari, tavsiyanomalilar uchun alohida hisoblanadi va eng yuqori ball to‘plaganlar imtiyoz bilan talabalikka qabul qilinadi, yetarli ball to‘play olmaganlar esa boshqa abituriyentlar kabi umumiy tanlovda qatnashadi va balliga qarab talaba bo‘la olishi yoki bo‘la olmasligi mumkin.

O‘tgan yili raqobat qanday bo‘lgan?

O‘tgan yili ehtiyojmand oilalardagi 1,9 ming nafar xotin-qizlar, shuningdek, kamida 5 yil ish stajiga ega 379 nafar xotin-qiz talabalikka tavsiya qilingan. Bilim va malakalarni baholash agentligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, kvotalarning to‘lmay qolishi kvotalar yo‘nalishlar va hududlar kesimida taqsimlanganda qaysidir hududlarda kerakli ball to‘play oladigan abituriyentlar bo‘lmagani hisobigadir.

Sababi tavsiyanoma olib ham maksimal ballning kamida 30 foizidan kam ball to‘plagan, biroq o‘z yo‘nalishida birinchi o‘rinda bo‘lgan abituriyent ham talabalikka qabul qilinmaydi. Talaba bo‘lish uchun maksimal ballning kamida 30 foizini to‘plash kerak bo‘ladi.

Eslatma: agar sizda oldingi yillar olingan tavsiyanomalar bo‘lsa, unda hujjat topshirayotganda hech narsa qilishingiz kerak emas. Shaxsingizga oid ma’lumotlarni platformaga kiritishingiz bilan sizning tavsiyanomaga egaligingiz haqidagi ma’lumotlar chiqib keladi.