Xotin-qizlar uchun 7 yillik foizsiz ta’lim krediti

15.09.2022 12:40
Xotin-qizlar uchun 7 yillik foizsiz ta’lim krediti
Registon o'quv markazi viloyatdan kelgan abituriyentlarni zamonaviy va shinam yotoqxona bilan ta'minlaydi.
– Registon o‘quv markazi

18 iyul kuni prezident “Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorga imzo chekdi. Hujjat matni O‘zA’da e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab barcha xususiy, xorijiy va davlat oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishi uchun imtiyozli shartlarda ta’lim kreditlarini davlat budjetidan ajratishning yangi tizimi joriy etiladi.

Tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan depozit mablag‘lari hisobidan ta’lim kreditlarini 7 yil muddatga 14 foiz stavkada ajratadi. Bunda kreditning foiz stavkalarini so‘ndirish Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, ularni tijorat banklariga to‘lash orqali amalga oshiriladi.

Moliya vazirligi matbuot xizmati aniqlik kiritishicha, talaba qizlar kredit foizini to‘lamaydi. Faqatgina kreditning asosiy qismini rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng, yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida to‘lashi kerak bo‘ladi.

Mazkur tartib haqida prezident Shavkat Mirziyoyev 8-mart kuni munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tabrigida ma’lum qilgandi.

Imtiyozli ta’lim kreditini rasmiylashtirish uchun quyidagilar talab etiladi:

  • imtiyozli ta’lim krediti olish to‘g‘risidagi tijorat bankiga ariza;
  • kredit oluvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati;
  • ta’lim muassasasining to‘lov-kontrakt shartnomasi;
  • kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, turmush o‘rtog‘i) yoki uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchining tijorat bankining kredit siyosati va ichki tartibiga muvofiq imtiyozli ta’lim krediti qaytarilishining ta’minoti bo‘yicha hujjat.

Bunda, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kirgan oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan imtiyozli ta’lim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab etilmaydi.

Ma’lumki, ayni kunlarda to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan o‘quvchi va talabalar uchun 12 ta tijorat banki tomonidan ta’lim kreditlari berilmoqda.

Ushbu qulaylik va imkoniyatni aktyor, shoir, rejissyor, dublyaj ustasi Erkin Bozorov Xalq banki misolida o‘ziga xos uslubdagi ijodi orqali ko‘rsatibdi.

Ta’lim krediti ajratuvchi banklar:

🏦 Agrobank
🏦 Aloqabank
🏦 Asakabank
🏦 Hamkorbank
🏦 Ipotekabank
🏦 Mikrokreditbank
🏦 Milliybank
🏦 OrientFinancebank
🏦 Qishloqqurulishban
🏦 Sanoatqurilishbank
🏦 Turonbank
🏦 Xalqbanki

➡️👆Bank nomlariga biriktirilgan ilovalarni yuklab olib, barcha ta’lim kreditlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.

➡️ Kredit uchun ariza berish — talim-krediti.uz platformalari orqali onlayn amalga oshiriladi.

Imtiyozli ta’lim krediti tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktni va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik boshqa to‘lovlarni amalga oshirish uchun hamda qo‘shma ta’lim dasturlarining O‘zbekistondan tashqaridagi o‘qish davri uchun ajratilmaydi.

Bundan tashqari, ko‘plab fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflar inobatga olingan holda qarorga muvofiq professional ta’lim muassasalari hamda ta’lim muassasalarining sirtqi va kechki ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalar uchun ham imtiyozli ta’lim krediti ajratilishi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Jamg‘arma tomonidan ta’lim kreditlari uchun tijorat banklariga zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlash va nazorat qilish maqsadida Jamg‘armaga 1 ta Maktabgacha ta’lim vazirligi shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan va 1 ta Moliya vazirligining umumiy shtat birliklari doirasida jami 2 ta shtat birligi ajratiladi.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda ta’lim kreditlarini ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlaydi.

Qarorga ko‘ra, 2022 yilda kredit uchun mablag‘lar Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari, budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari, suveren xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ajratiladi. 2023 yildan boshlab esa mazkur mablag‘lar faqat Davlat budjeti parametrlarida aks ettiriladi.