Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Registon stipendiyasi - 2023: mukofotlar, maxsus guvohnoma va esdalik sovg‘alar

29.03.2023 10:56
Registon stipendiyasi - 2023: mukofotlar, maxsus guvohnoma va esdalik sovg‘alar

Respublika miqyosida tahsil olayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va moliyaviy rag‘batlantirish maqsadida Registon” ta’lim loyihasi tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “OLIYGOH.UZ” ta’lim platformasi hamda EDU-ta’lim yangiliklari” telegram kanali hamkorligida eng munosib talabalar uchun "REGISTON STIPENDIYASI — 2023" ta’sis etildi.

“REGISTON STIPENDIYASI” - bu O‘zbekiston ta’limi kelajagiga befarq bo‘lmagan “Registon” ta’lim loyihasi va eng yirik platformalardan biri OLIYGOH.UZ” jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan navbatdagi ijtimoiy loyiha bo‘lib, bu orqali eng iqtidorli talabalarni munosib mukofotlash ko‘zda tutilgan. Ushbu loyiha 2 yildan beri an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadi. Ma’lumot uchun, 2022-yilda 30 nafar talabalar stipendiat bo‘lishgan (Batafsil ma’lumot).

Registon stipendiantlari - 2022

Tanlovning asosiy maqsadi - Respublika miqyosida tahsil olayotgan yoshlarning ta’lim olishini rag‘batlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda moliyaviy ko‘maklashish orqali O‘zbekiston ta’lim sohasini yanada rivojlantirishdan iborat.

Maxsus komissiya

Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish Registon ta’lim loyihasi’ning xalqaro toifadagi ustozlari va OLIYGOH.UZ ta’lim platformasi mutaxassislaridan tarkib topgan maxsus komissiya tomonidan amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun, “Registon” ta’lim loyihasi – bu O‘zbekistondagi eng yirik xususiy ta’lim tashkilotlaridan biri bo‘lib, uning tarmog‘ida Respublika bo‘ylab 30 ga yaqin “Registon” o‘quv markazi, Registan IT school, “Registon” xususiy nashriyoti, Registan International School kabi yirik loyihalarni o‘z ichiga oladi. Hozirda “Registon” o‘quv markazi tarmog‘ida 15 minga yaqin yoshlar tahsil olishadi. 8 yil ichida 50 mingdan ziyod yoshlar markazni muvaffaqqiyatli tamomlashgan.

Tanlov tashkilotchilari:

  • “Registon” ta’lim loyihasi, “OLIYGOH.UZ” jamoasi hamda “EDU-ta’lim yangiliklari” telegram kanali

Hamkorlar:

  • Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

Ro‘yxatdan o‘tish oxirgi sanasi:

  • 30-aprel

Tanlov kimlar uchun?

  • Respublikamizda mavjud bo‘lgan davlat va nodavlat oliygohlarida tahsil olayotgan barcha bakalavr bosqichi talabalari uchun.

Muhim eslatma: ushbu stipendiya loyihasida ishtirok etmoqchi bo‘lgan talabalardan xalqaro IELTS imtihonidan 6 va undan yuqori balga yoki chet tilini bilish boʻyicha Milliy sertifikatning (ingliz) B2 va undan yuqori darajalariga ega bo‘lishlari talab etiladi.

Ushbu stipendiya xorijiy tillarni puxta o‘rgangan bilimdon talabalarni moddiy rag‘batlantirishga qaratilgan bo‘lib, o‘qishda qo‘shimcha imtiyoz berish xarakteriga ega emas.

Tanlovda qatnashing, bilimingizni sinovdan o‘tkazing hamda eng nufuzli sovrinlar egasiga aylaning.

G‘oliblar uchun mukofotlar

  • Stipendiya g‘oliblari “Registon stipendiyasi sohibi” maxsus guvohnomasi, esdalik sovg‘alar, pul yutuqlari bilan taqdirlanadi. Stipendiyaning umumiy miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravarida bo‘lib, stipendiya 1 martalik to‘lov miqdorini o‘z ichiga oladi.
  • Registon stipendiyasi sovrindorlari soni joriy o‘quv yilida 50 nafar talaba uchun belgilangan.
  • Shuningdek, tanlovda ishtirok etgan nomzodlarning barchasiga maxsus QR-kodli sertifikatlar beriladi.

Joriy o‘quv yilida talabalarning tashabbuslari va takliflari tanlovning maxsus komissiyasi tomonidan o‘rganib chiqilib, keyingi o‘quv yillaridan stipendiya sovrindorlari soni va ularga beriladigan stipendiya miqdorlari oshirib boriladi.

Qanday ro‘yxatdan o‘tiladi?

  • "REGISTON STIPENDIYASI" tanlovida ishtirok etish istagida bo‘lgan talabgorlar @Registon_stipendiya_bot orqali ro‘yxatdan o‘tadi va OLIYGOH.UZ platformasida tanlovning maxsus “Shaxsiy kabineti”ni faollashtiradi.
  • Tanlov ishtirokchilari ro‘yxatdan o‘tish vaqtida shaxsiy ma’lumotlarining to‘g‘ri va aniq to‘ldirilayotganligiga ahamiyat berishlari lozim.

Tanlov bosqichlari

“REGISTON STIPENDIYASI” tanlovi 3 bosqichdan iborat. Tanlov bosqichlari umumiy baholash tizimi asosida o‘tkaziladi hamda eng munosib ishtirokchilar saralanadi.

Birinchi bosqich

Birinchi bosqich (Test-imtihon shaklida) tanlovda ishtirok etuvchi nomzodlar OLIYGOH.UZ platformasi orqali onlayn imtihon topshiradilar.

Imtihon turi: Ingliz tilining turli darajalariga oid 50 ta test savoli.

Bo‘lib o‘tadigan vaqt: Tanlovining 1-bosqichi 30-aprel kuni soat 18:00 da boshlanadi va 23:00 da hamma uchun imtihon oynasi yopiladi. Shu vaqt oralig‘ida ro‘yxatdan o‘tgan barcha nomzodlar 40 daqiqa davomida imtihonda ishtirok etishlari mumkin. 1-bosqich yakunlangandan so‘ng umumiy natijalar mandati shakllantiriladi va 1.000 (ming nafar) ishtirokchi 2-bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritadilar.

Ikkinchi bosqich

Ikkinchi bosqich: Saralangan nomzodlar onlayn ravishda maxsus platforma oynasi orqali maxsus yozma imtihondan o‘tishadi va OLIYGOH.UZ platformasida shakllantirgan “Shaxsiy kabinet” orqali belgilangan tartibda hujjatlarni taqdim etadilar.

Imtihon turi: Yozma imtihon (Yozma imtihon savollari maxsus platforma orqali imtihon vaqti e’lon qilinadi).

Saralangan nomzodlar yozma imtihon topshirishlari bilan birgalikda, platforma orqali quyidagi hujjatlarni onlayn ravishda taqdim qiladilar:

  • Shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID);
  • Xalqaro IELTS yoki chet tilini bilish darajasini belgilovchi Milliy sertifikat.

Bo‘lib o‘tadigan vaqt: Tanlovning 2-bosqichida nomzodlar tomonidan barcha hujjatlar platforma orqali 6-may kuni soat 09:00 dan 9-may kuni soat 20:00 ga qadar onlayn taqdim etiladi. Ikkinchi bosqich yakunlangandan so‘ng 10 kun davomida hujjatlar yig‘majildlari mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqilib, ishtirokchilarning umumiy natijalari maxsus kommissiya tomonidan tekshiriladi va natijalar e’lon qilinadi. 2-bosqich yakunlangandan so‘ng umumiy natijalar mandati shakllantiriladi va eng yuqori natijani qo‘lga kiritgan 200 (ikki yuz) nafar ishtirokchi finalga (3-bosqich) yo‘llanmani qo‘lga kiritadilar.

Uchinchi bosqich

Uchinchi bosqich: Hujjatlar topshirish bosqichi bo‘lib, stipendiya tanlovida ishtirok etayotgan nomzodlar “OLIYGOH.UZ” platformasida shakllantirgan “Shaxsiy kabinet” orqali belgilangan tartibda hujjatlarni taqdim etadilar.

Imtihonlardan saralangan nomzodlar quyidagi hujjatlarni onlayn ravishda maxsus platforma oynasi orqali taqdim qiladilar:

  • O‘qish joyidan ma’lumotnoma (my.gov.uz orqali tasdiqlangan yoki dekanat tomonidan berilgan ma’lumotnoma);
  • Dekanat yoki kafedraning tavsiyanomasi;
  • Tanlov va turli loyihalarda erishgan yutuqlari;
  • CV (ma’lumotnoma)
  • Nashr ettirilgan ilmiy ishlar, patent, ixtirolar (agar mavjud bo‘lsa);
  • Xalqaro imtihon sertifikatlari (agar majvud bo‘lsa: SAT, GMAT va b).

Bo‘lib o‘tadigan vaqt: Tanlovining 3-bosqichida nomzodlar tomonidan barcha hujjatlar platforma orqali 29-may kuni soat 09:00 dan 1-iyun kuni soat 20:00 ga qadar onlayn taqdim etiladi (*Platformada texnik ishlar bo‘lganligi sababli 3-bosqich vaqtlariga kichik o‘zgartirishlar kiritildi).

Barcha hujjatlar platforma orqali onlayn taqdim etiladi.

Nomzodlar hujjatlar yig‘majildlarini yuklab bo‘lgandan keyin 14 kun davomida maxsus kommissiya tomonidan tekshiriladi va natijalar e’lon qilinadi.

Eslatma: final bosqichining ballari yakuniy hal qiluvchi natija hisoblanadi. Ushbu bosqichda eng munosib deb topilgan nomzodlar tanlovning mutlaq g‘oliblari deb e’lon qilinadi.

Umumiy natijalar maxsus komissiya qaroriga asosan aniqlanadi, tanlov sovrindori bo‘lgan talabalar ro‘yxati tasdiqlanadi.

Taqdirlash marosimi

Stipendiya tanlovi g‘oliblari “REGISTON” o‘quv markazining maxsus tadbirlar zalida “Registon stipendiyasi sohibi” maxsus guvohnomasi, esdalik sovg‘alar, pul yutuqlari bilan tantanali ravishda taqdirlanadi.

Shuningdek, tanlovda ishtirok etgan nomzodlarning barchasiga maxsus QR-kodli sertifikatlar onlayn topshiriladi. SertifikatlarOLIYGOH.UZ” platformasida “Shaxsiy kabinet” orqali ishtirokchilarga yuboriladi.

TANLOVGA RO‘YXATDAN O‘TISH

Tanlov tashkilotchilari barcha ishtirokchilariga omad tilaydi!

Tanlov bo‘yicha savollar va murojaatlar bo‘lsa @oliygoh_edubot manziliga yozishingiz mumkin.