Qabul 2022: Abituriyentlarni qanday yangiliklar kutyapti?

02.08.2022 13:05
Qabul 2022: Abituriyentlarni qanday yangiliklar kutyapti?

Oliygohlarga kirish imtihonlariga sanoqli kunlar qoldi. Bu yil maktabni 600 ming o‘quvchi bitiradi. Oldingi yillarda maktablarni bitirganlarni ham qo‘shib hisoblasa, jami 1 mln 7 ming abituriyent OTMga kirish uchun hujjat topshirishi prognoz qilinyapti.

OTMlarning bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun test sinovlari ketma-ket uchinchi yildirki koronavirus sababli stadionlar va xiyobonlarda o‘tkaziladi.

Bu – Davlat qabul komissiyasining 1-son bayoni bilan tasdiqlandi, deya ma’lum qildi Davlat test markazi.

Shuningdek, bu yilgi javoblar varaqasi namunasi ham tasdiqlandi.

Bayonga muvofiq, quyidagilar ham tasdiqlandi:

  • 2022/23 o‘quv yilida yangi ochilgan jami 82 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati va ularga mos test sinovi (kasbiy (ijodiy) imtihon) topshiriladigan fanlar majmuasi;
  • alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati;
  • chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati.

Alohida iqtidor talab etiladigan yo‘nalishlarga o‘qishga kirishda kasbiy (ijodiy) imtihonlardan tashqari, majburiy uchta fan:

  • ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili);
  • matematika;
  • O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha DTM tomonidan test sinovlari o‘tkaziladi.

Chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon topshirgan abituriyentlarga OTMlarga kirish test sinovlarida chet tili fanidan belgilangan maksimal ballga nisbatan foiz hisobida tabaqalashtirilgan (proporsional) ball beriladi.

Chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan yo‘nalishlarni tanlagan abituriyentlarga faqat 6 ta OTMning tegishli ta’lim yo‘nalishlari doirasida beshtagacha ta’lim yo‘nalishlarini tanlash imkoniyati beriladi.

Bunda, chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) imtihon topshiradigan abituriyentlarga chet tili fanidan test sinovlari topshiriladigan ta’lim yo‘nalishlarni tanlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qabul kvotalari oshiriladi

O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari imkoniyatlarini hisobga olgan holda, ta’lim shakllari, jumladan, masofaviy ta’lim bo‘yicha qabul kvotasi shakllantirildi

2022-2026 yillarda Taraqqiyot strategiyasining 2022-yilda amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» loyihasiga ko‘ra, takliflardan kelib chiqib, qabul parametrlarini oshirish ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, 2022 yilga borib yoshlarning oliy ta’limga qabul qilish darajasini 38 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Bu yil 5ta fandan imtihon bo‘ladi

O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 13-son bayoni bilan 2022-2023-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari tasdiqlandi. Abituriyentlarni baholash mezoni o‘zgardi, bu 5 ta yo‘nalishni tanlash qamrovini ham o‘zgartiradi.

Endi abituriyentlarga o‘tgan yilgidek mutaxassislik blokidagi 2 ta fan uchun ham birday 3,1 balldan berilmaydi, 2-fanga 2,1 balldan beriladi. Mutasaddilar bunday o‘zgarish nega kiritilganiga izoh berishdi.

26 aprel kuni Davlat test markazi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mutasaddilari ishtirokida joriy yilgi qabul masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjumanda bu yil abituriyentlarni baholash mezoni o‘zgargani haqida tushuntirish berildi.

“Oldingi yil mutaxassislik blokidagi 2 ta fanga bir xil ball berilgan bo‘lsa, bu yil birinchi fanga 3,1 balldan, ikkinchi fanga 2,1 balldan beriladi. Bunday o‘zgarishning sababi bor. Masalan, matematika yo‘nalishiga matematikadan, fizika yo‘nalishiga esa fizikadan bilimi yuqori yoshlar kirishi kerak. Oldingi yil esa aksincha bo‘lgan holatlar ham bo‘ldi: fizikani yaxshiroq biladigan bola matematikaga o‘qishga kirib qiynalgan holatlar bo‘ldi.

Bundan tashqari, bir xil ball berish bir semestr o‘qish tugagandan so‘ng talabalar o‘zi yaxshiroq bilgan yo‘nalishga o‘qishini ko‘chirishga harakat qilish holatlariga ham olib keladi. Shu sababli ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha eng yuqori bo‘lgan fanga ko‘proq ball berilishi mezon sifatida olindi va bu abituriyentga noqulaylik tug‘dirmaydi”, – deya izoh berdi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov. Qayd etilishicha, baholash mezonidagi bu o‘zgarish abituriyentlarning 5 ta yo‘nalishni tanlash qamroviga ham ta’sir qiladi.

Joriy yilgi baholash mezoni quyidagicha:

Unga ko‘ra barcha test topshiruvchilar uchun majburiy 3 ta fan bo‘yicha:

  • Ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili) - 10 ta savol.
    Har biri uchun 1,1 balldan.
    Maksimal ball – 11 ball.
  • Matematika - 10 ta savol.
    Har biri uchun 1,1 balldan.
    Maksimal ball – 11 ball.
  • O‘zbekiston tarixi - 10 ta savol.
    Har biri uchun 1,1 balldan.
    Maksimal ball – 11 ball.

Jami to‘plash mumkin bo‘lgan ball – 33 ball.

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos 2 ta fan bo‘yicha:

  • 1-fan - 30 ta savol.
    Har biri uchun 3,1 balldan.
    Maksimal ball – 93 ball.
  • 2-fan - 30 ta savol.
    Har biri uchun 2,1 balldan.
    Maksimal ball – 63 ball.

Jami to‘plash mumkin bo‘lgan ball – 156 ball.

Bu yilgi maksimal ball qancha?

Umumiy holda, 2022-2023 o‘quv yili qabulida abituriyentlarga 5 ta fan bo‘yicha jami 90 ta test topshirig‘i beriladi. Bunda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball – 189 ballni tashkil etadi.

Imtihonlar qayerda o‘tkaziladi? Abituriyentlarga qanday sharoit yaratiladi?

Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabovning ma’lumot berishicha, bu yilgi test sinovlari uchun tayyorgarlik boshlangan:

– Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq, test sinovlari ochiq xiyobon va stadionlarda bo‘lishi belgilandi. Ularning ro‘yxati tasdiqlandi va bu to‘g‘risida Davlat test markazi abituriyentlar va ularning ota-onalariga xabar berdi. Qanday tashkil etilishiga keladigan bo‘lsak, birinchi yil emas, uchinchi yil testlarni ochiq stadion va xiyobonlarda tashkil qilyapmiz.

54ta stadion va xiyobon tanlab olingan. U yerda barcha sharoitlar yaratiladi. Birinchidan, abituriyentlar shaxsini identifikatsiyalash, Face-ID orqali tekshirib kiritish, undan keyin har bir guruhga kamera, ikkitadan nazoratchi qo‘yishni rejalashtirganmiz. Undan tashqari, test jarayonlari to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatiladi. Har domgidek ruchka, suv beriladi. Agar maxsus komissiyaning tibbiy niqob berish haqida qarori qabul qilinsa, niqob ham tarqatiladi. O‘tgan yilga solishtiradigan bo‘lsak, tashkilotchilik sifati undan-da yaxshiroq bo‘lishiga harakat qilamiz”, dedi Sardor Rajabov.

– Yoz oyi bo‘lgani uchun havo harorati juda issiq, abituriyentlarga bosh kiyim tarqatish ko‘rib chiqilmayaptimi?

– Ikki yil davomida bosh kiyimlar tarqatildi. Bu yil hali bu haqda bizga topshiriq yo‘q, chunki joylar tayyorgarligi endi boshlandi. O‘ylaymanki, ochiq joyda bo‘lsa, bosh kiyim ham beriladi. Agar abituriyentlar o‘zining bosh kiyimi bilan kelsa ham, bunga hech qanday cheklov bo‘lmagan.

– Chet tilidan ijodiy imtihon qanday sharoitda o‘tkaziladi? Qaysi sanadan qachongacha va ularni baholash mezoni qanday bo‘ladi?

– Bu yil Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 6ta oliy ta’lim muassasasida chet tili birinchi til sifatida kiritilgan bo‘lsa, ularga ijodiy imtihon olinishi hamda prezident qarori bilan ijodiy imtihon topshiradigan yo‘nalishlarga 10 iyulgacha ro‘yxatga olish belgilandi. Doimiy ravishda bu haqda abituriyentlarni ogohlantiryapmiz, hamma 20 iyulgacha o‘tsa, sizlar 10 iyulgacha o‘tib bo‘lishingiz kerak, deb. Chunki ulardan 4ta ko‘nikma bo‘yicha (tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish) imtihon o‘tkazishimiz kerak.

Ularni tashkillashtirish va baholash mezoni hamda formati qanday bo‘ladi degan savol bor. Hukumatning 73-sonli qarori bilan formati belgilangan, shu format doirasida B1 darajadagi savollar bo‘ladi. U testlar DTM veb-saytida turibdi. U yerda namunaviy savollarni ishlab ko‘rsa bo‘ladi. Shuningdek, veb-saytimizda onlayn imtihon topshirib ko‘rish mumkin.

Chet tilidan ijodiy imtihonda har bir ko‘nikma uchun 30 balldan, jami 120 ball beriladi. Shu ball 93 ballga foiz jihatdan konvertatsiya qilinadi. Agar siz testga kirib 4ta ko‘nikma bo‘yicha jami 80 foiz natija ko‘rsatgan bo‘lsangiz, sizga 93 ballning 80 foizi beriladi.

Yana bir tomoni bor, ijodiy imtihon bo‘ladigan 6ta OTMga topshirayotganlar faqat shu OTMga topshira oladi. Shuningdek, ijodiy imtihonlar yopiq binolarda tashkil etiladi, chunki tinglab tushunish imtihonini ochiq havoda o‘tkazish imkonsiz.

Gapirish imtihoni kompyuterda olinadi. Bunda DTM tomonidan yaratilgan dasturga abituriyent JShIRni kiritish orqali tizimga kiradi va ekspert bilan gaplashadi. Savol-javob tugagandan keyin dastur audioni ikkinchi ekspertga yuboradi. Ikkinchi ekspert ham baholaydi va ikki ekspertning ballaridan kelib chiqib o‘rtacha ball avtomatik hisoblanib qo‘yiladi.

Agar birinchi va ikkinchi ekspert qo‘ygan baholar bir-biridan keskin farq qilsa, unda dastur uni avtomatik 3-ekspertga yuboradi. Dastur 3-ekspert orasidan bir-biriga yaqin ikki ekspertning bahosini olib, o‘rtacha natija chiqaradi.

Ko‘pchilik o‘zimdan ham so‘rayaptiki, korrupsiya bo‘lmaydimi, deb. Dastur shu sababli yaratilgan ediki, u abituriyent gapirish imtihonini topshirgach, uning audiosini istalgan ekspertga avtomatik tasodifiy tanlab yuboradi. Bizda ekspertlar bazasi bor. DTM yoki kimdir falonchi abituriyentning ishini falonchi ekspertga yuborishni tanlab bera olmaydi.

Yozish ko‘nikmasi ham shunaqa, ya’ni yozib topshirgandan keyin skayner qilinadi va javob varaqasini dastur yopadi hamda random tarzda istalgan ekspertga yuboradi.

– Ijodiy imtihonlarni abituriyentlar yashash joyida topshirishi uchun ham sharoit bo‘ladimi?

– Imtihonlar barcha hududlarda tashkillashtiriladi. Bizda chet tilini bilish bo‘yicha CEFR imtihonlari qanday tashkil qilinsa, xuddi shunga o‘xshagan tarzda test sinovlari o‘tkaziladi.

– Kechga qolgan abituriyent testga kirish huquqidan mahrum bo‘ladimi?

– Hukumatning 261-qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilab qo‘yilganki, kechga qolgan abituriyent test sinovlariga kiritilmaydi. Birinchidan, kechga qolgan abituriyent boshqalarga xalal beradi. Chunki nazoratchi javoblar varaqasi va test topshiriqlar kitobini qanday to‘ldirish mumkinligi haqida tushuntirish beradi. Kech qolgan abituriyentga qayta tushuntirishning imkoni bo‘lmaydi, chunki bu boshqalarga xalal beradi. Bundan tashqari, abituriyentlarda “test kitoblari ochilganidan keyin kelib o‘tirdi”, degan ma’noda e’tiroz bo‘lishi mumkin.

Kech qolgan abituriyentni kiritmaymiz, lekin qanaqadir darajada vaqt beryapmiz. Birinchi yili soat 8:00 da test boshlanadigan bo‘lsa, bir daqiqa kechiksa ham kiritmayotgan edik. Lekin o‘tgan yil besh daqiqa vaqt berdik, bu yil ham, o‘ylaymanki, shunaqa bo‘ladi. Lekin test sinovlari boshlanganidan keyin hech kim testga kiritilmaydi.

– Bu yil ham test sinovlari 1 avgustdan 15 avgustga qadar o‘tkaziladimi yoki qandaydir o‘zgarishlar bo‘ladimi?

– Komissiya qarori bilan imtihonlar qachondan qachongacha o‘tkazilishi belgilanadi. Chunki nechta abituriyent bo‘lishi noma’lum, hali qabul tugamadi. Barcha abituriyentlar haqida ma’lumot hosil bo‘lgandan keyin o‘tirish o‘rinlariga qarab ularni taqsimlab, test sinovlari necha kun davom etishi belgilanadi.

Hozir xiyobon va stadionlar tayyorlanyapti, barcha tashkiliy ishlar tugagach, test muddati e’lon qilinadi. O‘ylaymanki, avgustning boshida boshlanadi va albatta abituriyentlar soniga qarab necha kun cho‘zilishi ma’lum bo‘ladi.

– Qanday hollarda abituriyent imtihondan chetlashtirilishi mumkin?

– Telefon olib kirishga harakat qilsa yoki olib kirsa. Telefonmi, soatmi, har qanday shpargalka olib kirish mumkin emas. Abituriyentlar asosan shu sabab bilan chetlashtiriladi. Bundan tashqari, savollar kitobini almashsa yoki bir-biri bilan gaplashsa, boshqa abituriyent o‘rniga o‘tirib test ishlashga urinsa, chetlashtiriladi.

O‘tgan yil kuzatildi, qandaydir yo‘l bilan telefon olib kiryapti va savollar kitobini rasmga olib chiqarib yuboryapti. Savollar kitobi har bir abituriyent uchun individual tuzilgan. Rasmga olib chiqarib yuborganda esa savollar kitobining raqami ko‘rinib qoldi. Biz shunday raqamli kitob qaysi imtihon nuqtasiga ketganini aniqlay olamiz. Kameralarni ko‘tarib, telefon ishlatganiga guvoh bo‘lib, abituriyentni chetlashtirganmiz.

Undan keyin, savollar kitobining raqamini yopib tarqata boshlashdi, lekin individual variant bo‘lgani uchun o‘sha savollar ketma-ketligidagi variantlar kimga tegishliligini aniqlaymiz va kamerani ko‘tarib o‘sha abituriyentni testdan chetlashtiramiz.

Maqsadli qabul nima degani?

Maqsadli qabul – qaysidir hudud va yo‘nalishlarda kadrlar yetishmovchiligi sabab ajratiladigan kvota hisoblanadi.

Maqsadli kvotaga da’vogarlik qilish yoki qilmaslik abituriyentning o‘ziga havola: agar xohlasa, hujjat topshirayotgan paytda maqsadli qabulda ishtirok etmoqchiligini belgilashi lozim.

Maqsadli kvotaning umumiy kvotadan farqli jihati, unda pastroq ball bilan ham davlat granti asosida o‘qishga kirish imkoni bor. Ammo keyinchalik talaba ma’lum muddat o‘z hududida ishlab berishi kerak va shundan keyingina diplomini qo‘liga oladi.

Maqsadli kvota uchun ajratilgan qabul parametrlari bilan shu yerda tanishish mumkin.

Texnikumni bitirganlar OTMga kira olmaydimi?

O‘tgan oyda prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘ilishda 2023 yildan boshlab texnikumlarning a’lochi bitiruvchilari oliygohlarga imtihonsiz kirish tartibi bekor qilinishini aytgandi.

Ayrim abituriyentlar orasida bu xabar tushunmovchiliklarga sabab bo‘lyaptiki, ya’ni endilikda texnikumlarni bitirganlar OTMga kira olmaydimi?

DTMning ma’lum qilishicha, maktab, akademik litsey, kasb-hunar maktabi, kollej, texnikum kabi umumiy o‘rta ta’lim yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini tugatgan barcha o‘quvchilar OTMda o‘qishi mumkin.

Demak, istovchilar, talabgorlar qo‘rqmasdan bu yilgi imtihonlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega.

Maktabni shu yil tugatganlar onlayn ro‘yxatdan o‘tishda bitirgan ta’lim muassasining ma’lumotlarini kiritmaydimi?

Abituriyentlar OTMga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tayotganda bitirgan ta’lim muassasalari haqidagi ma’lumotlarni saytga kiritishadi, lekin shu yil 11-sinfni tamomlaganlar bundan mustasno. Ularning ma’lumotlari tahsil olgan ta’lim muassasasi qaysi vazirlik tasarrufida bo‘lsa, ushbu vazirlikning elektron bazasidan olinadi.

Biroq ayrim ta’lim muassasalari o‘z bitiruvchilarining ma’lumotlari tegishli bazaga to‘liq kiritilmagani sababli abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tgan vaqtda tegishli ma’lumotlari chiqmayapti.

Davlat test markazi bunday holatlarda abituriyentlardan tugatgan ta’lim muassasasi ma’lumotlarini kiritmasdan, o‘zlari tahsil olgan ta’lim muassasasi (maktab, litsey, kasb-hunar maktabi)ga murojaat qilishlarini so‘ramoqda.

Ta’lim muassasasi tegishli ma’lumotlarni bazaga kiritgach, abituriyentlar “Tugatgan ta’lim muassasasi” bo‘limidan “Yangilash” yoki “Yuklab olish” tugmasini bosish orqali tamomlagan ta’lim muassasasi ma’lumotlarini yangilab olishlari mumkin.