Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Abituriyentlar uchun o‘qishga kirishga yordam beradigan 12 maslahat

08-may 21:51
Abituriyentlar uchun o‘qishga kirishga yordam beradigan 12 maslahat

Kirish imtixonlarida barcha abituriyentlar uchun kerak bo‘ladigan xotira, diqqat va, hatto, kayfiyatni sezilarli darajada ko‘taruvchi usullar mavjud. Ularni bilib qo‘yish foydadan holi bo‘lmaydi.

BBC neyrobiologlar, ruhshunoslar, parhezshunoslar va o‘qituvchilar hamda talabalarning fikrlariga tayanib, abituriyentlarga omadga erishishda yordam berishi mumkin maslahatlar ro‘yxatini tuzib chiqqan. Ular bilan quyida batafsil gaplashamiz. Qani unda, kettik!

1. Nonushta va “miya uchun ozuqa”

Tananing to‘g‘ri faoliyat yuritishi uchun quvvat talab etiladi. Miyaning diqqatni jamlay olish qobiliyati esa aynan glyukoza ko‘rinishidagi barqaror quvvat manbasiga bog‘liqdir.

Tadqiqotlar nonushtani kanda qilmaydigan o‘quvchilar, imtihon vaqti diqqatini bir nuqtaga qarata olgani va ma’lumotlarni yaxshi eslaganidan, a’lo natijalarga erishishini ko‘rsatadi.

Demak, kunni ertalabki soatlar davomida o‘zidan asta-sekinlik bilan quvvat ajratadigan nonushtadan boshlang: suli bo‘tqasi, boshoqli donlardan tayyorlangan non yoki tarkibida shakar miqdori kam bo‘lgan myusli.

Shuningdek, nonushtada ma’lum darajada oqsil ham bo‘lishi lozim: kam miqdordagi sut, yogurt yoki tuxum.

Ushbu mahsulotlarning miya faoliyatiga ijobiy ta’sir etishi isbotlangan: tuxum, baliq, boshoqli donlar, karam, ismaloq va brokkoli kabi to‘q-yashil bargli sabzavotlar, pomidor va avokado.

Tarkibida antioksidantlar va antosiyaninlar mavjud ichimliklar xotira va kayfiyatni qisqa vaqtga ko‘tarishi mumkin. Mazkur moddalar chernika, qulupnay, yong‘oq, zaytun, oshqovoq urug‘i va qora shokolad tarkibida ham uchraydi.

2. Hammasini barvaqt boshlang

Tayyorgarlikni imtihonlarga oz qolganda emas, balki bir necha oy avval boshlashga harakat qiling. Shunda o‘zingizga bo‘lgan ishonch ham ortadi.

Darslarni erta tongdan tayyorlang. Bu paytda miya yetarlicha dam olgan bo‘ladi. Darslarning katta qismini kunning ikkinchi yarmiga qoldirmang.

Eng yaxshisi - o‘zingiz uchun darslar jadvalini tuzib oling, o‘qishni har kuni bir vaqtda boshlash va tugatishga urining. Bu fanlarni o‘zlashtirishingizga katta yordam beradi.

3. Aynan nimaga diqqat qaratishni aniqlab oling

Siz aynan qanday turdagi imtihonga tayyorgarlik ko‘ryapsiz? Yozma, og‘zaki yoki test ko‘rinishida?

Imtihon turlarining har biri turlicha tayyorgarlik usullarini talab etadi.

Yozma-ijodiy imtihon uchun barcha fanlarni diqqat bilan o‘qish shart emas. Shunchaki, imtihon markazida turgan mavzuni chuqur o‘rganishning o‘zi kifoya.

Bir necha variantlardan iborat test shaklidagi imtihon uchun, qaytanga, o‘quv dasturini jiddiy anglash zarur bo‘ladi.

4. Reja tuzib oling

Aksariyat o‘quvchilar uchun rejaga qat’iy amal qilish qiyin kechishi mumkin, ammo bu vaqtni sezilarli tejashga yordam beradi.

Reja tuzib olsangiz, bir darsdan keyin qaysinisini boshlashga bosh qotirib, bir daqiqa ham vaqtni behuda sarflamaysiz.

Biroq reja aniq va puxta bo‘lishi kerak. Unga faqat qaysi fanlarni ketma-ketlikda o‘qishni emas, balki mavzular va qaydlarni ham kiriting.

Va tanaffus qilish, sport bilan shug‘ullanish va odamlar bilan muloqotda bo‘lishni ham yoddan chiqarmang.

5. Tanaffus - eng yaxshi yordamchingiz

Darslar orasida, albatta, tanaffus bo‘lishiga e’tibor bering. Fanni bir kunda uzluksiz 10 soat o‘rgangandan 10 kun davomida bir soatdan o‘qigan ko‘proq samara beradi.

Takrorlash - bilimlarning onasi, degan gap bor. Biroq o‘rganilgan darsni shu zahoti qayta takrorlashga urinmang. Tadqiqotlar dars va takrorlash o‘rtasida ma’lum tanaffus olinishi lozimligini ko‘rsatadi.

Vaqt olingan ma’lumotni ma’lum darajada esdan chiqarishga imkon yaratadi va tanaffusdan so‘ng qilingan takrorlash davomida ma’lumot miyaga yaxshiroq o‘rnashadi.

Bu usul “xotirani tadqiq qilish sohasi tarixidagi eng ishonchli”laridan biri, deya tan olingan.

Lekin imtihonni a’lo topshirishda faqat bir usulga tayanib qolish yaramaydi.

Muhim ma’lumotlarni yozma qayd etib borish, guruh bo‘lib savol-javob o‘tkazish va bu suhbatlarni yozib olib, qayta tinglash ham yodlab qolish qobiliyatini ajoyib tarzda oshiradi.

Bundan tashqari, takrorlash va yodlab qolishning ommabop, ammo tadqiqotlar tomonidan foydasi kam ekani isbotlangan usullariga ortiqcha kuch va vaqt sarflamang.

Masalan, kitobdagi jumlalarni rangli markerlar bilan ajratib bo‘yashning samarasi deyarli yo‘qligi isbotlangan.

6. O‘zingizni doimiy sinab boring

Dunyoning yetakchi ruhshunoslari va neyrobiologlari so‘zlariga ko‘ra, “o‘z-o‘zini imtihon qilish” ma’lumotni o‘zlashtirishning eng samarali usullaridan biri bo‘lishi mumkin.

O‘rganilganlar bo‘yicha o‘zini savolga tutish mavzuni chuqurroq va aniqroq anglashga yordam beradi.

Imtihondan oldin o‘zingizni sinov testlarida bir necha bor sinab ko‘ring va zaif nuqtalaringizni aniqlashga harakat qiling.

7. O‘qituvchiga aylaning

Demak, mavzuni o‘rgandingiz, yuqoridagi usullar asosida takrorladingiz va o‘zingizni sinab ko‘rdingiz. Xo‘sh, endi nima qilmoq kerak?

Albatta, o‘zlashtirganlaringizni boshqalarga o‘rgatishga harakat qiling.

Bunda xotira va yodlash qobiliyati keskin oshadi. Sababi siz mavzuni boshqalarga tushuntirib berishingiz uchun uni, birinchi navbatda, o‘zingiz yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishingiz talab etiladi.

8. Telefonni yashirib qo‘ying

Zamonaviy dunyoda smartfonlar eng yaqin yordamchi ekani borasida bahslashishdan foyda yo‘q.

Biroq imtihonga tayyorgarlik davrida smartfonlar eng katta chalg‘ituvchiga aylanishi mumkin.

“Qandaydir muhim voqeani o‘tkazib yuborishdan qo‘rquv” ta’siri (Fear of missing out effect) ostida ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarning “quli”ga aylanib qolishingiz hech gap emas.

Shunday ekan, tayyorgarliklarga kirishishdan oldin imtihonga qadar telefonni biron joyga yashirib qo‘ying.

9. Kamroq musiqa, ko‘proq sukunat

Ba’zilar musiqa sadosi yoki quloqchin bilan dars tayyorlashni xush ko‘radi. Biroq bu ma’lumotlarni miyada o‘zlashtirishga xalal berishi mumkin.

Dars payti atrofda sukunat hukmron bo‘lishini ta’minlashga urining.

10. Toza havo va badantarbiya

Dam olishsiz o‘tgan tayyorgarlik - besamar yumush. Miyaga dam berish, toza havoda sayr qilish va badanni chiniqtirish yuqori natija garovidir.

Tana va ong bir-biri bilan uzviy bog‘langan. Jismoniy mashqlar qon aylanishini yaxshilab, miyaga ko‘proq kislorod borishini ta’minlaydi. Zero, imtihon uchun aynan tiniq ong kerakdir.

Tabiat qo‘ynida sayr qilish esa odamni tinchlantirib, o‘ziga bo‘lgan ishonchni anchayin oshiradi.

11. To‘yib uxlang

Imtihondan bir kun oldin tiniqib uxlashingiz zarur bo‘ladi.

Tayyorgarlik davrida, imkon qadar, ertaroq yotishga harakat qiling. Shunda, to‘yib uxlaysiz va barvaqt tura olasiz, kun bo‘yi rejalashtirilgan ishlarni amalga oshirishga ulgurasiz.

Yarim tunda holdan toyib qolsangiz ham darsni oxiriga yetkazib qo‘yish odatidan tiyiling. Ishoning, bunday qat’iyat bilan deyarli hech qanday natijaga erishmaysiz.

Ba’zi vaqtlarda tun yarimdan og‘gangacha darsni to‘xtatishning imkoni bo‘lmay qolishi mumkin. Biroq, imkon qadar, tunni uyquda o‘tkazishga urining.

12. Xotirjam va pozitiv bo‘ling

Demak, endi sizda omadga eltuvchi butun boshli qo‘llanma bor. Yuqoridagi maslahatlarga amal qilib, muvaffaqiyatga erishing.

O‘qishga kirishda raqobat qanchalik kuchli bo‘lmasin, bu tushkunlikka berilishingizga asos bo‘lmasligi kerak.

Hech bo‘lmaganda, endi o‘z ustingizda qanday samarali ishlash mumkinligini bilasiz.

Asosiysi, xotirjamlik va yuqori kayfiyatni saqlashga harakat qiling. Yo‘qsa, soatlab o‘qiganingiz bilan bundan biror foyda bo‘lmaydi.

Va nihoyat, oxirgi va muhim maslahatlardan biri: imtihondan so‘ng o‘zingizni taqdirlashni aslo yoddan chiqarmang.