Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Norvegiyada oliy ta’lim chindan ham mutlaqo bepulmi?

16.04.2022 02:38
Norvegiyada oliy ta’lim chindan ham mutlaqo bepulmi?

Davlat:

Norvegiya

Grant turi:

Bakalavriatura, Magistratura

Norvegiya davlatining gullab-yashnayotgan iqtisodiyoti, eng yuqori darajadagi turmush darajasi, ta’lim sifatining yuqori ekanligi, dunyoning turli burchaklaridan talabalarni o‘ziga jalb etib kelmoqda. Norvegiyada xalqaro talaba sifatida o‘qishni xohlaysizmi?

Mamlakat har yili qariyb 14000 nafar chet eldan kelgan talabalarni qabul qilib, o‘zining atigi 5.2 million bo‘lgan milliy aholisi safiga qo‘shadi.

Norvegiya davlatida o‘qishning manfaatli jihatlari:

Norvegiya tabiati: Norvegiya dunyodagi eng jozibador mamlakatlardan biridir. Ushbu davlat Yevropaning eng shimoliy mamlakati bo‘lib, o‘zining juda ham go‘zal tabiatiga ega. Janubi-sharqdagi pasttekisliklardan g‘arbiy va shimoliy baland tog‘lar mamlakat bag‘riga har yili millionlab turistlarni jalb etadi. Agar sizga dam olish vaqtingizda tabiat qo‘ynida sayohat yoqsa, u holda Norvegiya siz uchun eng ideal - tanlov.

See the source image

Norvegiya universitetlari: Agar siz xalqaro talaba bo‘lsangiz, tabiiyki siz doimo ijtimoiy, texnologik va siyosiy yangiliklar bilan uyg‘un bo‘lgan jamiyatning bir qismi bo‘lishni xohlaysiz. Bunday jamiyat bo‘lagi bo‘lish esa, hech qanday ijtimoiy to‘siqlarsiz ko‘proq pragmatik ta’lim olish va o‘z fikringizni erkin ifoda eta olish uchun yo‘l ochadi. Norvegiya universitetlari esa sizga aynan shunday jamiyat bo‘lagiga aylanishingiz uchun imkon beradi. Norvegiyada aholi kam, yer esa mo‘l-ko‘l. Norvegiyaning eng yirik shahri bo‘lgan Oslo aholisi 634000 nafar va uning 28000 nafari oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalardir. Bu esa talabalar soni o‘z aholisining 4% ni tashkil etadi degani. Ushbu ko‘rsatkich dunyoning eng ko‘p aholili shaharlaridan biri bo‘lgan Melburn shahridagi talabalar ko‘rsatkichiga (7%) taqqoslaganda - ancha yaxshi.

Norvegiyada 70 dan ortiq oliy o‘quv yurtlari joylashgan bo‘lib, ular xalqaro talabalar uchun ko‘plab o‘quv dasturlarini taklif qilishadi. Dunyo reytingida yuqori o‘rinda e’tirof etiladiganlaridan quyida uchtasini keltirib o‘tamiz:

1. University of Oslo

  • Norvegiya poytaxti Oslo shahrida joylashgan va mamlakatning eng katta universiteti

See the source image

Xalqaro reytingi:

  • Times Higher Education (THE) - 121
  • Quacquarelli Symonds (QS) – 135

2. University of Bergen

  • Akademik xilma-xillik va yuqori sifatli o‘qitishni o‘z ichiga olgan, Norvegiya davlati o‘quv dasturining "asosiy" bo‘lagi deb hisoblagan jamoat tadqiqot universiteti.

Xalqaro reytingi:

  • THE - 197
  • QS - 171

3. Norwegian University of Science and Technology

  • Trondxaym, Gjovik va Alesund shaharlaridagi kampuslari bo‘lgan jamoat tadqiqot universiteti.

Xalqaro reytingi:

  • THE - 351
  • QS - 363

Ta’lim to‘lovlari (tuition fee):

Norvegiyda oliy ta’lim mish-mishlarda aytilgani kabi chindan ham bepulmi? Mish-mishlar chindan ham rost ... Norvegiyada o‘qish uchun to‘lov, xalq tilida aytganda "kontrakt" narxi - nolga teng. Ammo, talabalar oliy o‘quv yurtlarida o‘qish uchun va yashash uchun sarflanadigan boshqa xarajatlarni qoplay olishlari kerak. Ko‘pgina universitetlar yillik ma’muriy to‘lovi uchun taxminan 80-100 yevro miqdorida haq oladilar. Bundan tashqari talaba universitet kutubxonasi, labaratoriyasi, o‘quv qurollari hamda mahalliy transportdan erkin foydalana olishi uchun har semetrda o‘rtacha 500 yevro to‘laydi.

Yashash xarajatlari:

Norvegiya kabi rivojlangan mamlakatda albatta yashash xarajatlari yuqori bo‘lishi - tabiiy. Oylik ijara va yashash xarajatlari uchun talabalar o‘rtacha 800-1000 yevro sarflaydilar. Bu summa boshqa Yevropa Ittifoqi tarkibidagi davlarnikidan balandroq. Talabalar uchun universitetlar ham albatta arzonroq turar joylar ajratadi, ammo odatda bu juda cheklangan bo‘ladi.

"Og‘riqli nuqta":

Yevropaning boshqa bir qator rivojlangan mamlakatlari kabi Norvegiyada o‘qish uchun ham talaba Norvegiya banklaridan biriga birinchi yillik xarajatlari uchun NOK 123 519 (taxminan 12 000 yevro) miqdordagi pulni depozit sifatida qo‘yishi kerak. Ushbu pul miqdori to‘liq talabaniki hisoblanadi va Norvegiyadagi o‘qishi davomida oyma-oy yashash xarajatlari uchun yechib olishi mumkin bo‘ladi. Bu orqali hukumat talabaning chalg‘imasdan ta’lim olishini ta’minlashni maqsad qilgan. Ammo aynan mana shu jihat ko‘plab talabalar uchun yuqorida aytganimiz kabi og‘riqli nuqta hisoblanadi. Bu muammo uchun ham albatta yechim mavjud va bu albatta mamlakat tomonidan ajratiladigan - grantlar.

Grantlar:

Norvegiya davlati va universitetlari xalqaro talabalar uchun o‘qish va yashash xarajatlarini to‘liq va qisman qoplab beradigan quyidagi grantlarni taklif etadi:

  1. Norwegian Government Scholarship
  2. University of Stavenger Scholarships
  3. Norwegian Science and Technology University Scholarships

O‘qish uchun xujjat topshirish jarayoni:

Norvegiya davlatdagi o‘quv dasturlarining aksariyati uchun faqat bitta qabul davri mavjud va bu - kuzgi semestr (sentyabr) da boshlanadigan o‘qish uchun. Bu semestr uchun qabul aksariyat universitetlarda dekabr oyida ochiladi va 15-mart sanasigacha yopiladi. Aniq qabul sanalari va kerakli boshqa xujjatlar ro‘yxatini esa tanlagan universitetingizning rasmiy saytidan olishingiz mumkin bo‘ladi.

Til talablari:

Ushbu davlat universitetlarining aksariyati kamida:

  • IELTS - 6.5/7.0
  • TOEFL - 90 IBT/600 PBT
  • CEFR - B2/C1

til darajasini ko‘rsatuvchi xalqaro sertifikatlardan birini talab qiladi. Ammo, bu talablar tanlagan yo‘nalishingiz va universitetingizga qarab turlanishi mumkin. Bu masalada, tanlagan universitetingiz rasmiy saytidan ma’lumot olganingiz ma’qul.

Xulosa:

Qisqacha aytilganda, Yevropaning madaniyat va ilm o‘chog‘i bo‘lgan Norvegiya davlati ta’lim uchun ham, sayohat uchun ham eng ideal tanlov. Ushbu maqolani o‘qib tugatgach, Norvegiya davlatida o‘qish uchun tayyorgarlikni boshlamoqchi bo‘lgan yoki allaqachon boshlab yuborgan talabalarga esa Oliygoh.uz jamoasi omad tilab qoladi!