Magistratura qabul - 2022

13.07.2022 12:26
Magistratura qabul - 2022
Maqsad qoʻyish va yangi orzularni amalga oshirish uchun hech qachon kech emas
– Registon o‘quv markazi

2022 yildan OTMlarning magistratura bosqichi uchun qabul yangicha tizimga o‘tkazildi.

Hujjat topshirish qanday amalga oshiriladi?

2022 yil 1 iyuldan respublika OTM magistratura mutaxassisliklariga qabul qilish uchun hujjatlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni boshlandi.

Oliy ta’lim vazirligi xabariga ko‘ra, 2022/2023-o‘quv yili uchun davlat OTM magistratura mutaxassisliklariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni topshirish jarayoni vazirlikning rasmiy http://magistr.edu.uz veb-saytida 30 iyulga qadar (shu kuni ham) amalga oshiriladi.

Ariza topshirish jarayoni uch bosqichdan iborat:

  • abituriyent tizimdan ro‘yxatdan o‘tib, ariza to‘ldiradi;
  • diplom va chet tilini bilish sertifikati ma’lumotlarini kiritadi;
  • qabul komissiyasi arizani qabul qiladi.

2022/2023-o‘quv yilidan boshlab magistraturaga qabul abituriyent bakalavriat diplom balli o‘rtacha ko‘rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat balli asosida, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi. Qo‘shimcha imtihon o‘tkazilmaydi.

OTMlar kesimida qaysi yo‘nalishga qancha ariza topshirilganini magistr.edu.uz saytining statistika bo‘limidan ko‘rish mumkin.

Abituriyentlarni saralash: bakalavriatdagi baholar va sertifikat balli qancha yuqori bo‘lsa, shuncha yaxshi

Hujjatlar qabuli tugagach, abituriyentlarning bakalavriat diplomi ilovasidagi ballarning o‘rtacha ko‘rsatkichi (GPA) va til sertifikatidagi ball asosida reyting tuziladi.

Buni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati mutaxassisi Zafar Amirqulov shunday tushuntirdi:

“Abituriyentlarni saralashda 4 yil davomida oliy ta’lim muassasasidagi o‘qish davomida barcha fanlardan yig‘ilgan ballar inobatga olinadi. Misol uchun, OTMda abituriyent 60 ta fan o‘qigan bo‘lsa, shu fanlardan olgan baholari qo‘shib chiqilib, 60 ga bo‘linadi.

Saralashda yana bir muhim rol o‘ynaydigan jihat – chet tili sertifikati darajasi. Kimdir B2 olga bo‘lsa, yana kimdir C1 yoki C2 olgan bo‘lishi mumkin. Ushbu jihatlar abituriyentlarning grant yoki kontrakt o‘rinlarini ham belgilaydi”.

Yangi tizimning kamchiliklaridan biri sifatida shuni aytish mumkinki, korrupsiya darajasi yuqori oliygohlarning bitiruvchilari bakalavriatda yuqoriroq ball olgani hisobiga nisbiy ustunlikka erishishi mumkin.

Turdosh yo‘nalishlar

Abituriyentlar magistratura uchun tanlagan yo‘nalishi bakalavriatda o‘qigan yo‘nalishi bilan bir xil yoki turdosh bo‘lishi kerak. Misol uchun, filologiyani tamomlagan abituriyent magistraturada iqtisodiyot yo‘nalishida o‘qiy olmaydi va hokazo.

Turdosh yo‘nalishlar ro‘yxati e’lon qilindi. Ro‘yxatni mana bu yerdan yuklab olish mumkin. Bu ro‘yxatga kiritilmagan yo‘nalishlarning bitiruvchilari magistraturada ham faqat bakalavriatdagi yo‘nalishida o‘qiy oladi.

O‘zbekistondagi xorijiy va xususiy oliygohlarning bitiruvchilari mos (muvofiq) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishi mumkin.

Chet tili sertifikati

Chet tilini bilish sertifikati bo‘lmagan abituriyentlar magistraturaga hujjat topshira olmaydi. Chet tilidan ichki imtihon o‘tkazilmaydi.

Xorijiy tillar yo‘nalishlariga C1, qolgan barcha yo‘nalishlarga esa B2 darajasidan kam bo‘lmagan milliy sertifikat yoki unga teng darajadagi xalqaro sertifikat talab qilinadi. Eng keng tarqalgan xalqaro sertifikat – IELs bo‘yicha filologik yo‘nalishlarda kamida 7, boshqa yo‘nalishlarda kamida 5,5 ball olish kerak.

Ona tili va adabiyot, adabiyotshunoslik kabi yo‘nalishlar ham filologik bo‘lgani uchun bitiruvchilarda C1 darajadagi til sertifikati talab qilinadi degan yanglish fikr yoki ma’lumotlar bor. Kun.uz Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan aniqlik kiritishicha, bu kabi yo‘nalishlarga B2 sertifikati talab qilinadi.

Nomdor stipendiya sohiblaridan magistraturaga kirish uchun sertifikat talab qilinmaydi.

Magistratura mutaxassisliklari hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga tanlovlarda milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

Yanvar oyida ham qabul bo‘ladi

Endilikda yozgi qabulda kvotalar to‘lmay qolgan taqdirda, yanvarda ham qabul o‘tkazilishi mumkin. Buning uchun hujjatlar dekabr oyida qabul qilinadi.

Agar ayrim OTMlarda qabul kvotalari to‘lsa, qo‘shimcha qabul qilish borasida OTMning o‘zi mustaqil qaror qabul qiladi.

Magistratura – qizlar uchun tekin

Shu yildan boshlab magistraturaning barcha bosqichlarida xotin-qizlar to‘lov-kontraktdan ozod qilindi. Shu ma’noda abituriyent qizlar uchun grant chizig‘idan pastda yoki yuqorida bo‘lishi faqat ramziy ahamiyatga ega.