Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Kulinariya va menejment yoʻnalishida Fransiyaning mashhur oliygoh filiali ochiladi

5.12.2022 13:50
Kulinariya va menejment yoʻnalishida Fransiyaning mashhur oliygoh filiali ochiladi

Toshkentda kulinariya va menejment yoʻnalishida Fransiyaning dunyoga mashhur oliygoh filiali ochiladi

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbarining 21-22-noyabr kunlari Fransiyaga qilgan tashrifi ikki davlatning strategik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqdi. Bu oʻz navbatida oliy taʼlim sohasida ham aloqalarni rivojlantirish va tajriba almashish imkonini ochib berdi. Jumladan, tashrif davomida Toshkentda Fransiyaning pazandachilik akademiyasi Le Cordon Bleu institutini ochish boʻyicha ham kelishuvga erishilgan.

Maʼlumot oʻrnida, joriy yil 30-iyun kuni vazir A.Toshqulov Fransiyaning Le Cordon Bleu instituti prezidenti va bosh direktori Andre J. Kuantroni qabul qilib, mamlakatimizda ushbu taʼlim muassasasi filialini ochish taklifi bildirilgan edi.

Uchrashuv avvalida vazir ikki davlat oʻrtasida taʼlim sohasidagi oʻzaro doʻstlik aloqalari, xususan nafaqat fransuz tili va adabiyoti, balki ilm-fan yoʻnalishlari ham rivojlanib borayotganligiga toʻxtalib oʻtdi. Bunda “Le Cordon Bleu” instituti bilan hamkorikni yetarli darajada yoʻlga qoʻyish maqsadida mamlakatimizda ushbu taʼlim muassasa filialini ochish taklifi bildirilib, bu jarayonga xususiy sektorni ham qoʻshish tavsiya etildi.

“Le Cordon Bleu” instituti Prezidenti - bosh direktor Andre J. Kuantro ham taʼlim tizimidagi hamkorlikni rivojlantirish borasida oʻz takliflarini bildirdi. Turizm boshqaruvi va kulinariya sohalarida, nafaqat talabalar, balki oʻqituvchilarning ham malakasini oshirish reja qilinganligi, talabalarni ish bilan taʼminlash ham muhim masala ekanligini aytdi.

“Ushbu oliy taʼlim muassasasi bilan hamkorlik qilishdan manfaatdormiz”,- deya taʼkidladi uchrashuv soʻnggida A.Toshqulov.
“Qolaversa, kulinariya va menejment yoʻnalishida birgalikda oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash jamiyatda sogʻlom ovqatlanish tizimini yoʻlga qoʻyilishiga zamin yaratadi”, - dedi vazir.

Le Cordon Bleu — 1895-yilda tashkil etilgan boʻlib, kulinariya, pazandachilik, restoran va turizm boshqaruvi sohalarida dunyodagi eng ilgʻor oʻquv muassasasi hisoblanadi. 20 ta davlatda 35 ta filiali faoliyat yuritmoqda. Har yili 100 dan ortiq millat vakillaridan iborat, 20 000 nafar talaba mazkur muassasani bitiradi.