Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

AQShda o‘tkaziladigan Humphrey Fellowship stipendiya dasturiga arizalar qabul qilinmoqda

04-may 11:33
AQShda o‘tkaziladigan Humphrey Fellowship stipendiya dasturiga arizalar qabul qilinmoqda

Grant yashash, aviachipta, tibbiy sug‘urta kabi xarajatlarni qoplaydi. Arizalarni 9-iyungacha jo‘natish kerak.

Foto: US Embassy in Uzbekistan

AQShda o‘tkaziladigan “Humphrey Fellowship” stipendiya dasturiga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda mamlakatning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.

Dastur 10 oy davomida ilmiy unvonsiz magistratura darajasida tahsil olish imkonini beradi.

Stipendiyalar davlat va jamoat tashkilotlari yoki xususiy sektorda ishlayotgan, boshqaruv qobiliyatiga ega, faol jamoatchi mutaxassislarga tanlov asosida ajratiladi.

Dastur maqsadi

Hamfri stipendiatlari bir yillik ta’lim jarayonida o‘z kasbiy qiziqishlariga mos keluvchi magistratura darajasidagi o‘quv kursiga taklif etiladi.

Shu bilan birga, dastur qatnashchilari kasbiy rivojlanish bo‘yicha tadbirlarda ishtirok etishga jalb qilinadi.

Bularga AQSh professor-o‘qituvchilari va mutaxassislari bilan maslahatlar va hamkorliklar, joylarga tashriflar, seminarlar, tadqiqot loyihalari hamda foydali strategiyalarni ishlab chiqish jarayonlari kiradi.

Dasturda ishtirok etish uchun arizachilar quyidagilarga ega bo‘lishi kerak:

  • bakalavr darajasi
  • kamida besh yillik kasbiy mehnat stajiga;
  • AQShning bakalavr unvoniga teng bo‘lgan, tugallangan oliy ma’lumotga ega bo‘lishlari;
  • yetakchilik fazilatlari;
  • ingliz tilini bilishlari.

Shuningdek, AQShda oxirgi besh yil ichida olti oydan uzoqroq muddat davomida istiqomat qilganlar mazkur dasturda ishtirok eta olmaydi.

Kerakli ta’lim sohalari qatorida Iqtisodiy rivojlanish, moliya va bank ishi, aloqa va jurnalistika, qonun va inson huquqlari, qishloq xo‘jaligi, tabiiy resurslar kabilar bor. Yo‘nalishlar haqida batafsil bu yerda.

Tanlovda ishtirok etish uchun ingliz tilidagi rasmiy transkriptlar, ikkita tavsiyanomani onlayn jo‘natish kerak. Bunda ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat talab etilmaydi. Biroq mavjud bo‘lsa, uni ham ilova qilish mumkin.

Saralash jarayoni

Ariza topshirish bo‘yicha so‘nggi muddat tugagach, qabul qilingan barcha arizalar elchixona xodimlari va sobiq stipendiatlardan iborat hay’at tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Hujjatlari ma’qul topilgan nomzodlar AQSh elchixonasida bo‘lib o‘tadigan suhbatga taklif qilinadi. Eng yaxshi nomzodlar elchixona tomonidan stipendiya olishga tavsiya etiladi.

Grant o‘z ichiga quyidagilarni oladi:

  • universitetlarga kirish uchun topshiriladigan imtihon xarajatlari;
  • J-1 toifasidagi (Almashuv dasturi) vizani olishda yordam;
  • ekonom-klass toifasidagi ikki tarafga uchish aviachiptasi;
  • tibbiy sug‘urta;
  • yashash xarajatlari;
  • o‘qish boshlanishidan oldingi tanishtiruv dasturi.

Arizalarni joriy yilning 9-iyunigacha havola orqali jo‘natish kerak.

Dastur haqida batafsil ma’lumotni bu yerdan olish mumkin.