Oliygoh.uz Aniq maqsad -
g'alabaga yetaklaydi
Kirish ballari Blok testlar DTM testlar

Rasmiy bayonot: 5 yillik ish stajiga ega xotin-qizlarning imtihonsiz o‘qishga qabul qilinishi yolg‘on bo‘lib chiqdi

25.02.2023 22:15
Rasmiy bayonot: 5 yillik ish stajiga ega xotin-qizlarning imtihonsiz o‘qishga qabul qilinishi yolg‘on bo‘lib chiqdi

5 yillik ish stajiga ega xotin-qizlar ham barcha qatori imtihon topshiradi, faqat qo‘shimcha imtiyozdan foydalanishi mumkin

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda 5 yil ish tajribasiga ega boʻlgan ayollar oliy oʻquv yurtlariga imtihonsiz qabul qilinishi haqida asossiz xabarlar tarqalmoqda. Ushbu notoʻgʻri talqin qilinayotgan xabarlar yuzasidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi quyidagilarni maʼlum qilmoqda.

Kamida 5 yil ish stajiga ega boʻlgan xotin-qizlarni oliy taʼlim muassasalariga imtihonlarsiz oʻqishga qabul qilish boʻyicha tartib mavjud emas.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi 322-son qarori (https://lex.uz/docs/-6056269)ga muvofiq mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yil mehnat stajiga ega boʻlgan xotin-qizlarni davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi tasdiqlangan.

Mazkur tartib 2022/2023-oʻquv yilidan boshlab amaliyotga joriy etilgan boʻlib, ushbu toifadagi xotin-qizlarga jami alohida 500 ta bazaviy toʻlov-kontrakt asosidagi qoʻshimcha qabul parametrlari oliy taʼlim muassasalari kesimida ajratildi.

Ushbu toifadagi xotin-qizlar ajratilgan qabul parametrlariga tanlovlarda ishtirok etishlari uchun dastlab Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining tegishli tavsiyanomasiga ega boʻlishlari lozim.

Soʻng tavsiyanomaga ega boʻlgan xotin-qizlar uchun tanlovlar umumiy tartibda davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish boʻyicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida oʻtkaziladi.

Imtihonda eng yuqori ballning kamida 30 foizini toʻplab, ammo talabalikka tavsiya etilmagan xotin-qizlar 500 ta bazaviy toʻlov-kontrakt asosidagi qoʻshimcha alohida qabul parametrlari doirasida, ballar ketma-ketligi boʻyicha tanlovda qatnashadi.

2023/2024-oʻquv yilida ham kamida 5 yil ish stajiga ega boʻlgan xotin-qizlar mazkur tartibga muvofiq kirish imtihonlari natijalariga koʻra tanlov asosida oʻqishga qabul qilinadi.